SHARH

Big 5 : To'lov uchun eng yaxshi mobil ilovani tanlaymiz

Timur Abdulin
Muallif
Ayni vaqtda smartfonlar shunchaki aloqa vositasi bo'libgina qolmay, qo'shimcha tarzda juda ko'p funksiyalarni ham bajaradi. Bugun smartfon orqali siz uyingizdan chiqmasdan bank kartasini osonlik bilan boshqarishingiz, mahsulot va servislar uchun to'lovlarni amalga oshirishingiz va xarajatlarni nazorat qilishingiz mumkin. Yaqinda esa ushbu imkoniyatlar qatoriga kartadan-kartaga mablag'larni o'tkazish ham qo'shildi.
Bundan bir necha yil avval to'lov kartasida qolgan mablag'ni bilish uchun biror do'konga kirib, sotuvchidan balansni bilib berishini iltimos qilar edik. Hozir esa bunday kunlalik ishlarni mobil banking ilovalari orqali amalga oshirish mumkin. Smartfon yordamida bank kartasini boshqarish hozirda aynan "mobil banking" termini orqali ifodalanmoqda.

Quyida mobil banking uchun mo'ljallangan beshta ilova haqida so'z yuritamiz, shuningdek, funksionalligi va qulayligi bo'yicha eng yaxshi ilovani aniqlashga harakat qilamiz.

CLICK


Maqolani aynan CLICK ilovasidan boshlasak, menimcha, to'g'ri bo'ladi. Sababi mazkur ilova O'zbekistonda chiqarilgan mobil banking sohasiga qarashli ilk dasturlardan hisoblanadi. CLICK'ning eng muhim xususiyati shundaki, uning nafaqat mobil ilovasi yaratilgan, balki xizmatning veb-versiyasi yordamida tizimga sayt orqali ulanib, shaxsiy kartalarni boshqarish mumkin.

Bundan tashqari, CLICK to'lovlarni o'tkazish uchun USSD-so'rovlarni qo'llab-quvvatlaydigan sanoqli servislardan biri hisoblanadi. Bunday imkoniyat, ayniqsa, kartada mablag' qolmaganda yoki internet tarmog'iga ulanish qiyin bo'lganda, foydalanuvchiga biror to'lovni amalga oshirishda katta yordam beradi.

Servis ayni vaqtda jadal rivojlanmoqda, ilova esa muayyan vaqt oralig'ida (bir necha oyda bir marta) yangi funksiyalarni qo'shgan holda yangilab borilmoqda. Ilovaning 5.0 tartibdagi so'nggi dastur yangilanishi orqali unga butunlay yangi interfeys, sifatli grafik hisobot hamda bir kartadan boshqa kartaga pul o'tkazish imkoniyati tatbiq etildi.
CLICK yordamida bir qator xizmatlar uchun to'lovlarni amalga oshirish mumkin. Bular: mobil operatorlar, telefoniya, televideniye. Internet-servislar, xosting va domen, soliq va kommunal to'lovlardir.

Afzalliklari:

- USSD orqali to'lovlarni to'lash;
- Kartadan-kartaga pul o'tkazish;
- Ilovadan tashqari saytning mobil va veb versiyasining mavjudligi;
- Doimiy ilova yangilanishlari;
- Qulay interfeys;
- iOS va Android ilovalarining borligi.

Kamchiliklari:
- CLICK'dan tashqarida kartadagi oflayn-to'lovlarni nazorat qilish imkoniyatining yo'qligi.

Ilovani ko'rish:
Android
iOS

Rasmiy sayti:
click.uz

Uzcard


Uzcard'ga qarashli mobil banking xizmatining ochilganiga ko'p vaqt bo'lgani yo'q. Har holda, servisning mobil ilovasi yaqin orada yaratilgan. Hozirda Uzcard xizmatining Android va iOS ilovalari ishlamoqda.

Interfeysning oddiyligiga qaramay (garchi bu ilovaning afzallik tomoni bo'lsa-da), ilova deyarli yangilanmayapti. Masalan, ilovaning iOS versiyasi oxirgi marta 2015 yilda yangilangan ekan. Shuning uchun bo'lsa kerak, hozircha kartadan-kartaga pul o'tkazish kabi zamonaviy imkoniyatlar ilovada ko'zda tutilmagan.

To'lovlarni nazorat qilish (monitoring) funksiyasini, tom ma'noda, ilovaning eng asosiy afzalligi deb aytish mumkin. Oyiga 1000 so'm evaziga kartadan to'lanayotgan barcha to'lovlarni nazorat qilish imkoniyati mavjud. Bu degani siz nafaqat ilova orqali to'langan xarajatlarni, balki ulangan kartadan amalga oshirilgan har qanday to'lovni ko'rishingiz mumkin. Xuddi mana shunday servis Payme ilovasiga ham tatbiq etilgan (ilova haqida quyida gaplashamiz). Albatta, ushbu funksiya har ikkala servisning eng muhim afzalliklaridan biri sanaladi.
Bundan tashqari, Uzcard ilovasiga sozlangan QR-skanner ham qo'shilgan. Garchi banking sohasida ushbu funksiyasidan ko'p foydalanilmasa-da, biroq yaqin kunlarda uning yordamida yozilgan narxni skanerlab to'lovni amalga oshirish yoki servisning veb-versiyasidagi shaxsiy kabinetga kirish yanada qulay bo'lishiga umid qilamiz.

Afzalliklari:
- Kartadan to'langan barcha to'lovlarni nazorat qilish;
- Veb-versiyaning mavjudligi;
- Sozlangan QR-kodlarni o'qish rideri;
- Qulay interfeys;

Kamchiliklari:
- Kartadan-kartaga pul o'tkazish imkoniyatining yo'qligi;
- Ilovaning juda kam yangilanishi;
- USSD-buyruqlar orqali to'lovlarni amalga oshirib bo'lmasligi.

Ilovani ko'rish:
Android
iOS

Rasmiy sayti:
uzcard.uz
UPAY

UPAY elektron to'lovlarni amalga oshirish uchun universal xizmatlarni taklif etadi. Agar siz qachonlardir "SMS To'lov" servisidan foydalangan bo'lsangiz-u va uning to'xtatilganidan afsus cheksangiz, unda behudaga xavotir olmang. Sababi aslida UPAY aynan sobiq "SMS To'lov" xizmati bo'lib, rebrendingdan keyin o'z nomini va funksiyalarini bir muncha o'zgartirgan.

Mazkur servis muntazam tarzda yangilanib va foydalanuvchilarga qo'shimcha imkoniyatlar taqdim etgan holda zamon bilan hamnafas qadam tashlamoqda. Xizmatda kartadan-kartaga pul o'tkazish imkoniyati ham mavjud, shuningdek, servis bilan aloqador yangiliklardan foydalanuvchilarni xabardor qiladigan o'ziga xos bildirishnomalar markazi ham rasmiy ilovaga sozlangan.
Ayniqsa, qilingan to'lovlar bo'yicha qulay filtratsiya kishining diqqatini tortadi. Ilovada USSD-buyruqlar orqali to'lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud, shuningdek, servisning veb-versiyasi ham ishlab turibdi.

Afzalliklari:
- Yangiliklar lentasiga ega qulay interfeys;
- Valyuta kurslari haqida tafsilot;
- USSD-so'rov orqali to'lash;
- Veb-versiya;
- iOS va Android ilovalarining borligi.

Kamchiliklari:
- Tizimdan tashqarida qilingan to'lovlar bo'yicha hisobotning yo'qligi;

Ilovani ko'rish:
Android
iOS

Rasmiy sayti:
u-pay.uz
MBANK

MBANK servisida banking xizmatlarini ham mobil ilova, ham veb-versiya orqali boshqarish mumkin. Eng qizig'i, rasmiy ilovaning nafaqat iOS va Android versiyalari, balki qachonlardir juda ommalashgan JAVA platformasiga (ha, aynan JAVA J) mo'ljallangan dasturi ham yaratilgan.

Ilova interfeysi juda oddiy va tushunarli, biroq ozgina eskirgandek taassurot hosil qilishi mumkin (ilova iPhone 6 modelida sinalgan). Ilovaning iOS versiyasi so'nggi marta 2015 yilning bahorida yangilangan ekan. Shunday bo'lsa-da, ilovaning Android versiyasi bir qadar muntzamroq yangilab turilgan. Masalan, Android ilovaga oxirgi dastur yangilanishi yaqin kunlarda chiqarildi.
Afsuski, servisda kartadan-kartaga mablag' o'tkazish imkoniyati ko'zda tutilmagan. Biroq ilovada valyuta kurslari haqidagi ma'lumotni bilish, ilova orqali bajarilgan to'lovlarni ko'rish va yangiliklar bo'limidagi xabarlarni o'qish mumkin.

Afzalliklari:
- Oddiy interfeys;
- Veb-versiya hamda JAVA-kliyentining borligi;
- Valyuta kurslari va xabarlardan iborat sozlangan lenta.

Kamchiliklari:
- iOS versiyasining juda oz yangilanishi;
- Kartadan-kartaga pul o'tkazib bo'lmasligi;
- USSD-so'rovlar qo'llab-quvatlanmaydi;
- Bir nechta kartani bog'lab bo'lmaydi.

Ilovani ko'rish:
Android
iOS

Rasmiy sayti:
oplata.uz


Payme

Mazkur ilovalar beshligini Payme bilan yakunlashga qaror qildik. Servis hali yosh, 2015 yildan beri faoliyat ko'rsatadi. Payme'ning veb-versiyasi, shuningdek, Android va iOS ilovalari mavjud. Maqolani yozish chog'ida servisning barcha ilovalarida kartadan-kartaga mablag' o'tkazish imkoniyatlari tatbiq etilgan edi.

Nazarimda, Payme boshqa analog ilovalarga solishtirganda eng chiroyli interfeysga ega. Garchi ilova interfeysi standart holatda bo'lsa-da, ulangan kartalarga ajratilgan bo'limlarning dizayni, shu bilan birga, balansni tekshirishdagi animatsion effektlar ko'zni quvnatadi. Ilovada, Uzcard'da bo'lgani singari, kartadan amalga oshirilgan barcha to'lovlarni monitoring qilish imkoniyati mavjud. Bir oyga atigi 1000 so'm evaziga kartadan bajarilgan barcha elektron to'lovlarni nazorat qilishingiz mumkin. Lekin to'lovlar monitoringi mazkur ilovada bir qadar qulayroq interfeysga ega: ushbu bo'lim kirim va chiqimlar, shuningdek, to'lov toifasini belgilaydigan stikerlar ko'rsatiladigan ikkita paneldan tashkil topgan.
Shaxsan menga mahsulot va hisoblarni muayyan joylarda kartasiz, bevosita ilova orqali to'lash imkoniyati taqdim qiladigan «Joylarda to'lov» bo'limi ma'qul bo'ldi. Ammo iPhone 6 smartfoniga o'rnatilgan Payme ilovasi orqali mazkur bo'limga kirish paytida, ilova o'z-o'zidan yopilgani kuzatildi.

Afzalliklari:
- Animatsiyali chiroyli interfeys;
- Veb-versiyaning mavjudligi;
- Stikerli batasfil to'lov monitoringi;
- Muayyan joylarda kartasiz, ilovaning o'zidan to'lovlarni amalga oshirish imkoniyati.

Kamchiliklari:
- USSD-buyruqlar orqali to'lovlarni amalga oshirib bo'lmasligi.

Ilovani ko'rish:
Android
iOS

Rasmiy sayti:
payme.uz

Har bitta ilovadan ma'lum muddat foydalanib ko'rgach, ular orasida CLICK va UPAY xizmatlarini alohida ta'kiblab o'tishni joiz bildim. Birinchidan, ushbu servislarda USSD-buyruqlar orqali ham to'lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bunday funksiya hisobda mablag' qolmaganda juda ko'p marta asqotgan (bunday holatda cho'ntakda plastik karta bo'lmaganda aynan USSD-buyruqlar balansni to'ldirishga yordam bergan).

Ilovalar orasida g'olibni tanlash – oson ish emas. Umuman olganda, bir vaqtning o'zida bir nechta ilovalardan foydalanish, yoki barcha ilovalarni ishlatib ko'rgandan keyin, o'zingiz uchun eng yaxshisini mustaqil tanlash mumkin.

Ilovaning funksionalligi bo'yicha birinchi o'rinni men CLICK va UPAY servislariga bergan bo'lardim. Dizaynning chiroyliligi bo'yicha esa, shubhasiz, Payme ilovasi barchani ortda qoldiradi. MBANK'ning iOS versiyaga qaraganda tez-tez yangilanadigan Android versiyasi ancha yaxshi xususiyatlarga ega, Uzcard esa mavjud imkoniyatlarga qaramay, ilovaning juda kam yangilanishi tufayli hozircha biroz orqada!
Made on
Tilda