MOBILE

Fantastik to'rtlik: tezkor 4G internetni tanlaymiz

Timur Abdulin
sharhlovchi
Bugun O'zbekistonda internet tarmog'idan foydalanuvchilarning soni 13 millionni tashkil etadi. 2012-yilda jami internet foydalanuvchilarining faqat 1/5 qismigina mobil internetdan foydalangan. Ushbu farq so'nggi yillarda shiddat bilan qisqarib, hozirgi kunda mamlakatimizdagi jami foydalanuvchilarning 53 foizi (yarmidan ortiq) internetga mobil tarmoq orqali kirmoqdalar.
4G/LTE standartining O'zbekistonda ishga tushirilganiga ikki yildan oshdi. Garchi mazkur standartdagi tarmoq, asosan, Toshkent shahrida mavjud bo'lsa-da, aynan u orqali internetdan foydalanish kundan-kunga ommalashib boryapti.

Futura xodimlari Beeline, Ucell, UMS va UZMOBILE taqdim qilayotgan 4G tariflarni taqqoslashga hamda qaysi operatorning LTE tarmog'i tez ishlashini aniqlashga qaror qildi.

Ortiqcha raqamlardan chekingan holda biz faqat turli diapazondagi (eng kichik, o'rta (5-6 GB) va maksimal) oylik internet paketlarni solishtiramiz:.

3G yoki 4G - qaysi biri arzon?

Shuni ta'kidlash kerakki, tavsifdagi barcha operatorlar 2G/3G/4G uchun universal tarif rejalarini taqdim qiladilar. Bunda faqatgina bitta cheklov bo'lishi mumkin: u ham bo'lsa sizning telefoningiz u yoki bu standartni qo'llab-quvvatlashiga oid masaladir. Ya'ni tanlangan internet-paketdan qat'iy nazar siz barcha tezlikdagi tarmoq standartlaridan (2G/3G/4G ) foydalanish imkoniyatiga egasiz. Qolgan barcha omillar qurilma va joriy joylashuvga aloqadordir (xizmat butun mamlakat bo'ylab ishlamaydi).

Beeline nima taklif qiladi?

Beeline 4G tarmog'ini ishga tushirgan O'zbekistondagi birinchi aloqa operatoridir. Kompaniya 2014 yilda mazkur standartni joriy qilgan.

Hozirda Beeline maksimum 150 Mbit/s tezlikdagi 4G internetni taklif qiladi. Tariflar quyidagicha taqsimlangan:
60 Мб

$1.7
5 000 Мб

$27
60 000 Мб

$60
Internet faol foydalanadigan abonentlar uchun Beeline 15 Gbdan 60 Gbgacha bo'lgan alohida internet-paketlar to'plamini taklif qiladi. Ushbu paketlarning narxi tanlangan hajmga qarab (40 dollardan 60 dollargacha) belgilangan. Taqdim etiladigan 1 megabayt internetning narxi ham farqlanadi. Agar eng minimal tarifda (60 Mb) u 0.02 dollarni tashkil etsa, maksimal (60 Gb) to'plamda esa uning narxi 0,001 dollarga teng.

UMS nima taklif qiladi?

UMS 4G tarmog'ini shu yilning iyun oyida ishga tushirdi. Tarmoqning maksimal tezligi – 70 Mbit/s. Oylik internet-paketlarning narxi tanlangan tarifga qarab 5 dollardan 55 dollargacha. UMS'ning eng kam oylik internet-paketida 300 Mb taklif qilinadi. Tariflar quyidagicha taqsimlangan:
300 Мб

$5
5 000 Мб

$35
10 000 Мб

$55
Garchi UMS internetdan faol foydalanadigan abonentlarga alohida tariflarni taklif qilmasa-da, 30 noyabrgacha 500 Mbdan ortiq paketni xarida qilgan mijozlarga +20% trafik qo'shib bermoqda.

Agar 1 Mb trafikning narxini hisoblasak, eng kichik oylik paketda u 0, 0016 sent, eng kattasida esa 0,005 sentni tashkil qilishini ko'rish mumkin.

Ucell nima taklif qiladi?

Ucell 4G tarmog'ini bundan ikki yil muqaddam, 2014-yilning oktabr oyida ishga tushirgan. Tarmoqning maksimal tezligi – 150 Mbit/s. Ucell taqdim etadigan oylik internet-paketlar tartibi boshqa operatorlarning tariflaridan keskin farq qiladi. Eng katta oylik paketdagi trafikning hajmi bor-yo'g'i 2 Gbdan iborat. Qolgan tarif rejalari garchi muayyan chegaraga ega bo'lsa ham, "cheksiz" sifatida belgilanadi.

50 Мб

$1.25
4 000 Мб

$30
16 000 Мб

$70
Paketlardagi 1 Mb trafik narxini hisoblasak, quyidagi raqamlarga ega bo'lamiz: Eng minimal paketdagi 1 Mb – 0, 025 dollar, eng maksimal paketdagisi esa – 0,004 dollar.

Bundan tashqari, Ucell "4G'ni sinab ko'r" nomli maxsus tarif rejasini ham taklif qiladi. Endigina 4G/LTE standartida ishlaydigan smartfon xarid qilgan va Ucell tarmog'iga ulangan barcha foydalanuvchilar uchun operator $0.01 evaziga 5 000 Mb taqdim etadi. Ucell 4G, shu bilan birga, Samarqand shahrida ham ishlaydi.

UZMOBILE nima taklif qiladi?

GSM tarmoqlarida o'z faoliyatini 2015 yilda boshlagan UZMOBILE aloqa operatori ham 4G standartidagi internet-to'plamlarini taklif qiladi. Hozircha UZMOBILE 4G tarmoq bilan faqat Toshkent shahrini qoplagan. Afsuski, UZMOBILE kompaniyasining rasmiy saytida 4G-paketlar bilan aloqadir taflilotlar mavjud emas. Shuning uchun zarur ma'lumotlarni kol-markaz bilan bog'lanib aniqlashga to'g'ri keldi. UZMOBILE 4G tezligi 30 Mbit/s atrofida. To'plamlar quyidagi tartibda keltirilgan:
50 Мб

$1
6 000 Мб

$25
12 000 Мб

$40
Hisob bo'yicha eng kichik internet to'plamda 1 Mb trafikning narxi - $0,02, eng yirik to'plamda esa bu ko'rsatkich 0, 003 dollardan iborat.

Tezlikni o'lchaymiz

Ming bor eshitgandan bir bor ko'rgan yaxshi, deydi dono xalqimiz. Operatorlarga va'da qilgan tezlik borasida e'tirozimiz yo'q, ammo 4G internetning real tezligini shaxsan o'lchab ko'rishga qaror qildik.

Har bir operatorga qarashli SIM-karta, iPhone 6 va SpeedTest ilovasi yordamida 4G tarmoqning haqiqiy tezligini sinashga kirishdik. Xolislik uchun barcha operatorlarning 4G tezligini bir xil joyda (metro Novza atrofida) sinab ko'rdik. Mana, natijalar:
Ko'rib turganingizdek, 4G tezlik borasida o'rinlar quyidagicha taqsimlandi: Ucell, Beeline, UMS, UZMOBILE.

Shuni ta'kidlash lozimki, har bir natijada aks etgan internet'syorfing butunlay qulay bo'lib, sahifalar tezlik bilan, ortiqcha tanaffuslarsiz ochiladi. UZMOBILE'da ba'zi kichik pauzalarni hisobga olmaganda (PING shunday ko'rsatdi), oradagi farq deyarli sezilmaydi. Biroq internetdan yirik fayllarni yuklab olganda oradagi ushbu farqlar yuklash vaqtining davomiyligiga ta'sir qilishini unutmaslik kerak.

Natijalar

Internetdan faol foydalanuvchilar uchun Beeline 4G eng ma'qul yechim hisoblanadi, nazarimizda. Sababi operator katta trafikni o'z ichiga olgan bir qator internet paketlarni taklif qiladi, paketda trafik qancha ko'p bo'lsa, uning narxi shuncha arzon bo'ladi. Beeline 4G tarmog'idan foydalanish uchun mavjud eski SIM-kartani yangisiga almashtirish talab qilinadi, Buning uchun kompaniya bosh ofisi yoki rasmiy dilerlik markazlariga tashrif buyurish kerak.

Qolgan operatorlarning 4G tarmog'iga USSD-so'rov yordamida ulanish imkoniyati mavjud. Ucell nafaqat tezlik borasida, balki ushbu standartdagi tarmoq bilan yurtimiz shaharlarini qoplashda ham yaxshi natijalar ko'rsatmoqda: ayni vaqtda kompaniya Toshkent va Samarqand shaharlarida 4G tarmog'ini ishga tushirgan. Qolgan aloqa operatorlari hozircha faqat Toshkentda 4G/LTE standartini qo'llab-quvvatlashmoqda.

Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, 4G poytaxtimizda barqaror tezlik bilan ishlamoqda (ko'p omillar yashash joyiga ham bog'liq). Saharning markaziy qismida tezlik ancha yuqori, ba'zi joylarda esa 4G belgisi umuman yo'qolib, uning o'rnini barchamizga yaxshi tanish 3G yoki dangasa EDGE egallamoqda.
comments powered by HyperComments
Made on
Tilda