18/01/2016

App Store va Google Play'da ishlab topilgan pullarni qanday qo'lga kiritish mumkin?

Timur Abdulin
Sharhlovchi
Internetda mobil ilova yaratilishiga bag'ishlangan minglab maqolalarni topish mumkin. Bu borada APP ishlab chiqish haqida so'z yuritiladigan ko'plab trening, seminar va mitaplar o'tkaziladi. Ammo, ta'kidlash lozim, deyarli hech qachon o'z ilovangiz orqali ishlab topilgan mablag'ni qo'lga kiritish usullari to'g'risida gapirilmaydi.
Futura bu savolga javob izlashga jazm qilib, mazkur jarayonning qanday ishlashini tushunish maqsadida tajribali dasturchilarga murojaat qildi.

Nimadan boshlash kerak?

Ilovani App Store yoki Google Play'ga joylashdan oldin, sizga sertifikat degan hujjat zarur bo'ladi. Onlayn-do'konga yuklanayotgan har qanday ilova o'z sertifikatiga ega bo'lishi lozim. U sizni ilova muallifi ekaningizni tasdiqlaydi. Bu narsa dasturchiga noqulaylik tug'dirish uchun emas, balki o'xshash ilovalarni do'konga qayta yuklashning oldini olish maqsadida joriy qilingan. Deylik, agar kimdir sizga tegishli ilovadan nusxa ko'chirib, pul ishlashni maqsad qilgan bo'lsa, do'kon ma'muriyati bunga yo'l qo'ymaydi.

Google Play'da, misol uchun, Google Play Developer Console loyihasida ro'yxatdan o'tish orqali sertifikat olish uchun 25 AQSh dollari to'lanadi. App Store'ga ilovani joylash uchun esa 99 dollar turadigan iOS Developer Program sertifikati zarur bo'ladi.

Google Play va App Store: farq nimada?

Ikkala do'kon orasida to'lovlarni dasturchilarga yetkazish bo'yicha aniq farqlar mavjud emas. Ikkala platformaning ishlash xususiyatlari haqida Google va Apple kompaniyalariga qarashli hamkorlik normativlarida batafsil tanishib chiqish mumkin.

Ikkala kompaniya ilovalar do'konidan foydalanish uchun joylangan ilova narxidan 30% komissiya to'lovi belgilagan. Shuning uchun dasturchi sotilgan ilovaning har bir nusxasidan 70% daromad oladi.

Sotuvdan tushgan pullar qanday qo'lga kiritiladi?

Ilova sotuvlaridan hisobingizga tushgan mablag'ni quyidagi yo'l bilan qo'lga kiritish mumkin.

Buning uchun bankdagi hisob raqami talab etiladi. Pulni hisobdan yechish uchun App Store tomonidan belgilangan minimal limit 150 AQSh dollarini, Google Play'da esa 100 AQSh dollarini tashkil qiladi. Pulni qo'lga kiritishda SWIFT o'tkazmalardan keng foydalaniladi. SWIFT – Butunjahon banklararo moliyaviy kommunikatsiyalar uyushmasiga tegishli qisqartma nom. Bunday to'lovni o'tkazilishi uchun bankdan beriladigan SWIFT-kodni ilova mablag'lari yechiladigan sahifada ko'rsatish talab etiladi. Tizimning qanday ishlashi va qancha miqdorda komissiya olishi haqida bu yerda yozilgan.

Buning uchun bankda hisob raqam ochish uchun so'raladigan hujjatlar talab etiadi, xolos.

Umuman, ushbu jarayon amalda qanday bo'lishini yaxshiroq tushunish uchun, biz bu yo'nalishda tajribaga ega bo'lgan dasturchiga bir nechta qisqa savollar bilan murojaat qildik hamda Google Play va App Store do'konlarining ishlash mexanizmi bilan tanishdik.
PizzaGames rahbari
Timur:
O'zi haqidagi to'lov ma'lumotlarini to'ldirish uchun dasturchiga qanday hujjatlar kerak bo'ladi?
Maksim:
Bankdagi hisob raqami va unga doir hujjatlar talab etiladi.
Timur:
Ilovadan ishlangan mablag'ni qo'lga kiritishda Google Play va App Store o'rtasida qanday o'ziga xos farqlar mavjud?
Maksim:
O'ziga xos faqrlar yo'q.
Timur:
To'lovlar qanchalik tez o'tkaziladi?
Maksim:
Oyning 1-15 sanalari mobaynida avvalgi oy uchun to'lov hisoboti shakllantiriladi va taxminan 20 kun ichida to'lov o'tkaziladi. Qisqa qilib aytsak, noyabr uchun to'lov yanvar boshida amalga oshiriladi.
Timur:
Google Play va App Store do'konlari dasturchilarga pul o'tkazish usullari bo'yicha farqlanadimi?
Maksim:
Yo'q.
Timur:
Do'kon platformasi uchun komissiya miqdori qancha?
Maksim:
Ilova narxidan 30%
Timur:
Mablag'ni olish uchun hisob raqami AQSh dollarida bo'lishi shartmi?
Maksim:
Shart emas, ammo bu sezilarli darajada qulay, chunki Google Play va App Store to'lovlarni dollarda o'tkazadi.
Made on
Tilda