МНЕНИЕ

Intellektual eksport

Aleksandr Mamasidikov
Eksporti mutaxassis
Mahsulot eksporti bo'yicha mutaxassis, SmartExport va ASM & AT LLC kompaniyalari asoschisi, bir nechta startap loyihalarning mentori va qatnashchisi Aleksandr Mamasidikov Futura.uz uchun dasturiy ta'minotlar haqida (dasturni yaratishdan tortib, uni xalqaro bozorga chiqarishgacha bo'lgan jarayongacha) bosqichli maqolalarni tayyorladi.
IT sohasida barqaror o'sish davom etmoqda. Ko'plab mamlakatlar IT-mahsulotlarni eksport qilish bo'yicha turli strategiyalarni boshlab yuborishgan. Moddiy tovarlardan (qurilmalar, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy tovarlar, texnika) farqli o'laroq, dasturiy ta'minot mahsulotlari murakkab logistika, shu bilan bir qatorda, huquqshunoslardan yuqori professionalizm va aniq yondashuvni talab qiladigan sezilarli darajada mushkul huquqiy asoslarga ega.

Belorussiya, Ukraina va Ozarbayjon IT yo'nalishidagi eksport bo'yicha yuqori natijalarni qayd qilib kelmoqda. Har bir mamlakat xalqaro bozorda o'zini pozitsiyalash uchun turli strategiyalardan foydalanadi. Masalan, Belorussiya sohadagi EntertainmentandGames yo'nalishini tanladi va bu unga kompyuter va mobil o'yinlar bo'yicha jahondagi yetakchi davlatlardan biriga aylanishga zamin yaratdi. Ukraina esa Samsung, HTC, Microsoft kabi kompaniyalarga murakkab IT-yechimlarni taqdim qiladi, shuningdek, bulutli korporativ texnologiyalarni ham rivojlantirib kelmoqda.

Har qanday boshqa bozorga o'xshab, IT soha ham katta sarmoya talab qiladi. Misol uchun, Ozarbayjon faqatgina so'nggi yillar mobaynida mazkur sohaga 25 mlrd dollardan ortiqroq mablag' kiritgan.
IT soha juda qiziqarli va manfaatli sektor. Xo'sh, ushbu sohada butun dunyo qabul qiladigan mahsulotni qanday yaratish mumkin? Mazkur bozorda faoliyat yuritish uchun, albatta, muayyan yo'nalishni tanlash, qanday mahsulot yaratilishi kerakligini tushunish va uni qanday targ'ib etish usullarini bilish juda katta ahamiyatga ega. Sohadagi ma'lum yo'nalishni tanlab bo'lgach, butun boshli bozorni tahlil qilish, bozorda nima mavjud va nimalar taklif qilinmayotganini anglash lozim bo'ladi.

Shundan so'ng mahsulotdan foydalanadigan auditoriyani aniqlashga o'tiladi. Buning uchun tahlilga xizmat qiladigan va ishonchli ma'lumotlarni to'plashga yordam beradigan juda ko'p instrumentlar mavjud, ijtimoiy tarmoqlarda ham so'rov o'tkazishdan erinmang. Kraudfanding platformalarida eng ko'p e'tibor jalb qilayotgan trend-loyihalarni o'rganib chiqing, bu orqali siz foydalanuvchilar aynan qaysi mahsulotlar uchun pul to'lashga tayyorligini misollar bilan bilib olasiz.

Tahlildan keyin mahsulotning konsepsiyasini o'ylab chiqishni boshlang. Bu jarayon juda ham oddiy bo'lib, bunda "murakkab narsalarni soddalashtirish" mexanizmi yordamga keladi. Yodingizda saqlang, agar siz butunlay yangi IT-mahsulot yaratayotgan bo'lsangiz, u holda uning muvaffaqiyat qozonish ehtimoli bor-yo'g'i ikki foizga tengdir. Mahsulotni ishlab chiqish jarayonida uni kelgusida targ'ib qilish uchun mablag' tayyorlash ham juda muhim hisoblanadi.

Ilovaning muvaffaqiyati uning AppStore va Google Play do'konlarida qancha marta yuklab olingani bilan belgilanadi.

Deyarli har qanday IT-mahsulotning muvaffaqiyati bevosita uning targ'ibotiga, aniqroq qilib aytadigan bo'lsak, buning uchun ajratilgan mablag'ga chambarchas bog'liqdir. Bitta mobil ilova foydalanuvchisi uchun, odatda, 3-10 dollar pul sarflash kerak bo'ladi. Bunda ilovaning foydaliligi va tarqalish tezligi inobatga olinadi, albatta.

O'zbekistonda IT-sohasi endi rivojlanib kelayotganini hisobga oladigan bo'lsak, shaxsiy harakatlar bilan omadli IT-mahsulotni yaratish juda qiyin kechishi mumkin. Shuning uchun ushbu sohaning yetakchi vakillari bilan birlashishni taklif qilgan bo'lardim. Bu sizga muvaffaqiyatli IT-mahsulot yaratish, kafolatlangan sotuv, xalqaro kompaniyalar bilan ishlash tajribasi, eng muhimi esa, loyihani targ'ib qilish uchun vaqt va mablag'ni tejash imkoniyatini taqdim qiladi. Shunday qilib siz loyihaning qiymatidan 100% daromad olmasligingiz mumkin, biroq uni yaratish va targ'ib qilish uchun ham 100% sarmoya ajratmaysiz.

Tahlillarga ko'ra, ko'plab kompaniyalar bunday kelishuvlarga tez rozilik bildiradilar. Axir, siz hamkorlikda yangi mahsulot yaratib, bu orqali o'zingiz va ularga daromad keltirasiz.

Demak, maqoladagi bosqichlarni qisqa qilib quyidagilarga ajratish mumkin:
· Sohadagi zarur yo'nalishni belgilash;
· Tahlil
· So'rov
· Mahsulotni soddalashtirish
· Imkoni boricha taniqli va dastur yaratish bo'yicha yetarlicha tajribaga ega bo'lgan hamkor topish (chet el kompaniyasi)
· Mahsulotni ishlab chiqishni boshlash
· Fokus guruhda sinash
· Beta-sinov
· IT-mahsulotni ishga tushirish

Bular dastur ishlab chiqishdagi eng asosiy bosqichlardir. Kelgusi materiallarda IT-mahsulotni eksportga tayyorlash haqida so'z yuritamiz.

Made on
Tilda