STARTAPLAR

Startap MIX #26:
Qayta yuklash

Foto: Zumrat Ergashbaeva
Timur Abdulin
Sharhlovchisi
17-dekabr kuni Inha universitetida hisob bo'yicha yigirma oltinchi StartupMix tadbiri o'tkazildi. Ushbu marosim o'zbekistonlik startaper va mutaxassislarning an'anaviy chiqishlaridan tashqari, fan va innovatsiyalar haqidagi mubohasalar, Kremniy vodiysi bilan to'g'ridan-to'g'ri efir va mentorlarning 20 daqiqali maslahatlari bilan ham yodda qoladigan bo'ldi. Futura tahririyati ushbu tadbirda ishtirok etdi va uning qanday o'tgani to'g'risida sizga hikoya qiladi.
LeBazar

Marosimda birinchi bo'lib Botir Orifjonov va Bobur Nurmuhammedov o'z taqdimotlari bilan chiqish qildilar. Avvaliga internet foydalanuvchilar haqidagi qiziqarli statistika haqida so'z yuritgan holda, LeBazar asoschilari yangi servisning imkoniyatlari bilan tanishtirishga kirishdilar.

Spikerlarning qayd etishicha, ayni vaqtda O'zbekistonda 13 mln odam odam internetdan foydalanadi, ularning 3 mln nafari esa faol foydalanuvchilar hisoblanadi. UzCard kartalari ham O'zbekistonda 13 mln dona atrofida. Biroq onlayn-to'lovlardan taxminan 500 000 odam foydalanadi, xolos. Bu esa mazkur ko'rsatkich umumiy karta foydalanuvchilari sonidan 5 foizni tashkil qilishini isbotlaydi.

LeBazar loyihasi global miqyosdagi servis. Mualliflarning aytishicha, loyiha ko'pchilik uchun yangilik bo'lmasligi mumkin, biroq u O'zbekistonda ommalashishi kutilmoqda. Uydan chiqmasdan oddiy do'kon va supermarketlardan mahsulotni xarid qilishga imkoniyat yaratish – ushbu servisning eng asosiy afzalligi hisoblanadi. Mahsulotga bevosita ilova orqali buyurtma berish va to'lovni amalga oshirish mumkin. Servisga kundan-kunga shahardagi boshqa yangi savdo tarmoqlarining qo'shilib borishi esa, foydalanuvchiga o'ziga yaqin manzilda joylashgan do'konni tanlash imkonini beradi va buyurtmani yetkazib berish vaqtini qisqartiradi.
Buyurtma taksi servislari orqali yetkazib beriladi va shahar ichidagi masofadan qat'iy nazar yetkazib berish narxi 10 000 so'mni tashkil qiladi. Servisdagi mahsulotlar uchun belgilangan narxlar esa do'kondagi joriy narxlardan umuman farq qilmaydi.

Hozirda servisning iOS va Android dasturlariga mo'ljallngan ilovalarini yuklab olish mumkin. Servisda mavjud mahsulot-tovarlarning umumiy soni esa ayni paytda 3,5 donani tashkil etadi.

Silicon Valley Innovation Center kompaniyasining sotuvlar bo'yicha rahbari Qahramon Nadjimov bilan suhbat

Tadbirda ikkinchi bo'lib chiqish qilgan Qahramon Nadjimov bilan suhbat StartupMix uchun biroq noodatiy formatda – video aloqa yordamida amalga oshirildi. vaqt mintaqalaridagi yirik tafovutga qaramay, Qahramon AQShdan aloqaga chiqib, keyingi yilning muhim trendlari, shu bilan birga, Kremniy vodiysini zabt etishga kelayotgan yosh startaperlar yo'l qo'yayotgan xatolar haqida so'zlab berdi.

Qahramonning fikricha, hozirda juda faol bahslarga sabab bo'layotgan VR va sun'iy intellekt texnologiyalari hali ommaviy qo'llanishga tayyor emas.
Samsung tomonidan sun'iy intellekt asosida ovozli yordamchi yaratayotgan Viv startapining sotib olinishi misolida, Qahramon, aynan Janubiy Koreya kompaniyasi ishlab chiqarilayotgan ko'plab maishiy texnika vositalariga sun'iy intellektni tatbiq etadigan birinchi firmalardan bo'lishini tushuntirdi.

Kremniy vodiysida muvaffaqiyat qozonish haqida gap ketganda, Qahramonning fikricha, ushbu jarayonda faqat yuqori tajriba va malakaga ega startaperlarga omad kulib boqishi mumkin. Kremniy vodiysida o'z ofisiga ega bo'lmagan chet ellik kompaniyalarga o'z loyihalariga sarmoya jalb qilish juda qiyin kechadi. Garchi ba'zida bunday startaplarga mablag' ajratilib, ular ishga tushirilsa-da, oradan biroz muddat o'tib ularning barchasi kasodga uchraydi va natijada yopib yuboriladi.
Bu gal ham uchrashuv rejasida yosh startaperlar uchun 20 daqiqali individual maslahatlar ko'zda tutilgan edi. Stolik.uz ta'sischilaridan biri bo'lgan Qodir Norov, Workly va MyTaxi servislari asoschisi Akmal Payziyev hamda Paynet asoschilaridan biri Botir Orifxo'jayev mutaxassis-konsultant sifatida yosh startaperlarga foydali maslahatlarni o'rtoqlashdilar.
Jamshid Avloni bilan suhbat

20 yildan beri AQShda istiqomat qiladigan, ConTex LLC va Altinit LLC kompaniyalarida faoliyat yuritib kelyayotgan olim Jamshid Avloni ham qatnashchilar bilan o'zining qiziqarli mulohazalarini bo'lishdi. Yevgeniy Sklyarevskiyning savollariga javob berar ekan, Jamshid polimerlar bilan ishlash hamda bundan bir necha yil oldin yaratilgan qo'ldan yechmasdan smartfonni boshqarish mumkin bo'lgan qo'lqoplar haqida gapirib o'tdi.
Bundan tashqari, turli mamlakatlardagi oliy ta'limning o'rni va ahamiyati haqida ham o'z fikrlarini bildirdi. Suhbat mobaynida u hech qanday oliy ta'lim muassasasini tugatmay, Microsoft'day yirik kompaniyaga asos solgan Bill Geytsni misol sifatida keltirdi. Ayni paytda marosimda qatnashgan barcha ishtirokchilar universitetni nafaqat ta'lim oladigan maskan, balki o'quv yillari davomida talabaning kelgusi hayotida asqotadigan foydali aloqalarni shakllantiradigan va istiqbolda biznes yuritishga yordam beradigan ijtimoiy dargoh ekanligini e'tirof etdilar.

SpeedMentoring: Manzil servis

Speed Mentoring formati doirasida o'z jamoasi bilan Manzil nomli yangi ilovani yaratgan Shuhrat Agzamov so'zga chiqdi. Hozircha ushbu loyiha sinov bosqichida va hali foydalanish uchun tayyor emas. Mazkur xizmat taksida harakatlanish uchun bir xiz manzilga yo'l oladigan boshqa yo'lovchilarni qidirishga mo'ljallangan. Shuhrat Agzamovning qayd etishicha, servis nafaqat bir xil yo'nalishda harakatlanadigan odamlarni qidirishda, balki yo'lovchilarni izlayotgan haydovchilar uchun ham baravar darajada foydali bo'ladi.
Mentorlar loyiha muallifiga servisni ishga tushirishdan oldin e'tiborga olinishi zarur bo'lgan bir qator muhim masalalarni yaxshiroq anglashga yordam berdilar.

Pinngle messenjerining taqdimoti

Navbatdagi taqdimot muallifi Aleksandr Tagayev Pinngle nomli messenjerning imkoniyatlari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Mahsulotni dasturchining o'zi taqdim qilmagani sababli loyihaning texnik tomonlari to'g'risida batafsil ma'lumot berilmadi.
Pinggle – oddiy va qulay interfeysga ega bo'lgan hamda bir vaqtning o'zida kam internet trafik sarflaydigan yangi messenjer. Bunday funksiya messenjerda ko'zda tutilgan maxsus tejamkor rejim yordamida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, u kuchsiz internet ulanishida ham barqaror ishlash imkoniyatiga ega bo'lgan audio va video qo'ng'iroqlarni ham qo'llab-quvvatlaydi. Boshqa messenjerlardan farqli ravishda, Pinggle interfeysida chapaqaylar uchun muhim qulayliklar yaratilib, ular uchun bir nechta tugmalar ham tatbiq etilgan.

Marketpleyslar qanday ishlaydi?

SAP kompaniyasining O'zbekistondagi vakili Laziz Adhamov marketpleyslar haqidagi juda qiziqarli ma'ruza qilib, ishtirokchilarga bu boradagi shaxsiy mulohazalarini o'rtoqlashdi. Jumladan, u aniq misollar bilan zamonaviy iste'molchida ma'lum brendga yoki muayyan tovarga nisbatan taassurot qanday hosil bo'lishi, shakllanishini tushuntiritb berdi.

Bundan tashqari, u adaptiv metodika yordamida iste'molchilarga internet orqali turli mahsulotlarni sotishga xizmat qiladigan SAPHybris texnologiyasi to'g'risida ham so'zlab o'tdi. Ushbu texnologiyada barcha narsa turli mezonlarga, jumladan, foydalanuvchi saytga kirgan telefon modelidan tortib, uning hozirgi joylashuvini o'z ichiga olgan bir qator omillarga bog'liq. Sayt va ijtimoiy tarmoqlardan agregatlashgan foydalanuvchi haqidagi ma'lumotlar yordamida internet do'konlar faqat muayyan xaridorga mo'ljallangan tovarlarni taklif etishlari mumkin bo'ladi.
Taqdimot davomida Laziz Adhamov o'z mijozlarining talablarini aniqlagan holda biznesini rivojlantirgan kompaniyalar faoliyatidan bir nechta muvaffaqiyatli holatlarni keltirib o'tishni unutmadi.

U o'z mijozlari asosan qaysi ehtiyojlar uchun pul sarflashini aniqlab, chakana savdo tarmog'ini yo'lga qo'ygan Kaspi Bank haqida so'z yuritdi. Ushbu bank o'z mijozlari uchun uzoq muddat davomida to'lovni amalga oshirish imkoniyatini beradigan maishiy texnika vositalarini sotadigan do'konlarni ochgan ekan.

Chatbotlar va ularning rivojlanish istiqbollari

Yosh startaplardan biri bo'lgan Tweak loyihasining rahbari Vlad Ten bugungi kunda jadallik bilan ommalashyotgan chat-botlar haqida qiziqarli ma'lumotlarni bo'lishdi. Chat-botlarni Les Ailes va Chopar Pizza kabi yirik kompaniyalar tomonidan qo'llanilishi misolida, Vlad ulardan foydalanish nima uchun alohida ilovaga qaraganda qulay va manfaatli ekaniga aniqlik kiritdi.

Chat-botlarning asosiy afzalligi shundaki, ularni ilovalarga o'xshab smartfonga o'rnatish talab etilmaydi, bu esa telefonning operativ xotirasini behudaga band qilmaydi. Bundan tashqari, botlardan foydalanish uchun ro'yxatdan o'tish kerak emas, shuning ulardan tezkorlik bilan foydalanish mumkin.

Vlad chat-botlardan muvaffaqiyat bilan foydalanib kelayotgan Les Ailes kompaniyasini misol qilib keltirdi. Hozirda ushbu kompaniyaning chat-botdagi foydalanuvchilari soni ularning Facebook sahifasidagi obunachilar soni bilan deyarli bir xil miqdorda ekanligi ta'kidlab o'tildi.

Lekin chat-botlarga oid ba'zi muammolar ham yo'q emas. Masalan, botlar chatlarda tez-tez yo'qolib qolishi mumkin. Buning natijasida esa dialoglarda ularni qo'lda qidirish zarurati tug'iladi. Har holda Telegram messenjerida mana shunday ishlash mexanizmi amal qiladi. Botlardan ko'p foydalanadiganlar smartfonga botlar uchun alohida bo'lim ajratilgan Telegram Plus kliyentini yuklab olsihlari mumkin.
Oddiy mobil ilovalarga qaraganda botlar intellektual xususiyatlarga ega bo'lmagani bois, ular bilan muloqotga kirishish biroz qiyinroq. Biroq Telegram yaqinda ishga tushirgan ikkinchi avloddagi botlarda bot menyusiga smayliklarni qo'shish imkoniyati paydo bo'lgani sababli mazkur muammo sezilarli tarzda bartaraf etilgan.

Bot mijozlar bilan muloqot qilishda bag'oyatda qulay bo'lgani sababli biznes uchun yangi foydali imkoniyatlar eshigini ochadi.

TechInnovation Challenge – qizlar uchun xalqaro texnologik tanlov

TechInnovation Challenge xalqaro dasturi vakillari Yelena Seleznyova va Saida Yusupovalar 10 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan qizlarga mo'ljallangan, dasturlash va tadbirkorlik bo'yicha malaka oshirishga yordam beradigan ajoyib imkoniyat haqida so'z yuritdilar. Dasturlash faqat erkaklar kasbi, degan stereotiplarni buzgan holda ushbu loyihaning O'zbekistondagi tashkilotchilari qizlarni shaxsiy ilovalar yaratishga taklif etmoqdalar. Eng qizig'i, 5 yil avval tashkil etilgan mazkur dastur hozirda dunyoning 78 ta mamlakatida faoliyat yuritib kelmoqda, 2012-yildan boshlab esa BMT tomonidan rasman qo'llab-quvvatlanadi.
Ushbu tanlov qatnashadigan har bir jamoada ko'pi bilan 5 ta qiz qatnashishishi mumkin, tanlovning final bosqichi esa AQShda o'tkaziladi. O'zbekistondan tanlovda 15-18 yosh oralig'ida bo'lgan qizlar ishtirok etishi mumkin.

Allplay.uz : telekanallar, filmlar va seriallar – hammasi bitta manzilda

Allplay.uz ilovasi muallifi Ramil Rafikov va dizayner Azamat Shamuzafarov ushbu loyihaning qiziqarli jihatlari, shuningdek, uni istiqbolda rivojlantirish rejalari haqida gapirib berdilar.

Ilova ishga tushirilganiga oz vaqt bo'lganiga qaramay, Startup Mix ishtirokchilarining aksariyati Allplay xizmati bilan yaxshi tanish ekanlar. Shu bois ular servis ishiga doir konstruktiv takliflar bilan o'rtoqlashib, mualliflarga minnatdorchilik bildirishdi.

Allplay servisining asosiy xususiyati shundaki, u bepul taqdim etiladi, shuningdek, video, serial hamda TV-ko'rsatuvlarni bitta ilova/saytda tomosha qilish imkoniyati beradi. Servisning iOS va Android platformalariga mo'ljallangan ilovalaridan tashqari, veb-versiyasi ham ishlab kelmoqda. Allplay.uz, Player.uz, Allmovies.uz saytlari, mobil ilovalar va ChromeCast servisning asosini tashkil qiladi.
Allplay.uz xizmatidan nafaqat veb-versiya va mobil ilovalar orqali, balki mobil qurilmalardagi brauzerlarda hamda PlayStation konsollarida hamda foydalanish imkoniyati mavjud. Ilova yordamida jonli efirda IPTV dasturlarini ham ko'rsa bo'ladi.

Servis kelgusida takomillashtirib boriladi. Unga tavsiyalar tizimini, har xil mavzuli tanlamalarni mustaqil shakllantirish imkoniyatini ko'rib bo'lingan film va seriallarni o'chirib tashlash funksiyasini, shu bilan bir qatorda, faqat bolalarga xos materiallarni aks ettirish xususiyatiga ega bolalar rejimini tatbiq qilish rejalashtirilgan.

"Garajniy master" – bolalar uchun o'yin

Bolalarga mo'ljallangan "Garajniy master" o'yinining muallifi Maksim Shikov, App Store do'konida o'z mahsulotini qanday targ'ib qilgani, relizdan keyin qanday natijalar qo'lga kiritilgani hamda o'yinni yaratish vaqtida dasturchilar qanday qiyinchiliklarga duch kelganligi to'g'risida so'z yuritdi.

Maksimning aytishicha, loyihaga boshida 3 oy vaqt ajratilgan edi, biroq oxir-oqibatda uni o'z nihoyasiga yetkazish uchun 11 oy talab etiladi. U mobil o'yin yaratishga chog'lanayotgan barcha ishtirokchilarga jarayonni boshlashdan oldin har bir bosqichni aql bilan rejalashritish, shuningdek, bajarilishi zarur bo'lgan ish hajmini oqilona baholashni maslahat berdi.
"Garajniy master" o'yini 4-8 yosh oralig'idagi bolalarga mo'ljallangan, 9 ta personaj va 5 ta trassadan iborat. Loyihaning 30 foizi bepul, 70 foizi esa pulli asosda taqdim etiladi. O'yinni smartfonga bepul yuklab olish mumkin, ammo o'yin pog'onalarining muayyan qismi uchun pul to'lash zarur bo'ladi. O'yin free-to-play modelida tarqatiladi.

Taqdimot kunigacha o'yin taxminan 10 ming marta yuklab olingan bo'lib, ularning asosiy qismi AQSh, Rossiya va Yevropa mamlakatlarida yashaydigan foydalanuvchilar hissasiga to'g'ri keladi. Foydalanuvchilarning 63 foizi o'yinni iPhone'larga, qolgan 37% o'rnatishlar esa iPad'larga o'rnatishgan. Mualliflarning o'zi esa butunlay teskari natijalarni kutishgan ekan. Bu ko'rsatkich esa ushbu o'yinni iPad'larga qaraganda iPhone'larda o'ynash qulay bo'lganini ko'rsatadi. Hozirda jamoa o'yinni iPhone uchun yanada moslashtirish usullarini ishlab chiqmoqda.

Mualliflarning ta'kidlashicha, loyiha targ'iboti uchun bir sent ham mablag' sarflanmagan. Birinchi 10 mingta yuklanishga yaxshi bajarilgan ASO (App Store Optimisation) – ilovani App Store talablari bo'yicha optimallashtirish hisobiga erishilgan.

Kelajakda shunga o'xshash mobil o'yinlar yaratadigan dasturchilar uchun ancha foydali tajriba, shundaymasmi? Buning ustiga, mazkur o'yin Startup Mix doirasida gapirilgan birinchi bolalar o'yini hisoblanadi.

StartupFactory.uz akseleratoriga tanlov anonsi: konsepsiyaning o'zgarishi

Tadbir yakunida Startup MIX loyihasi kuratori va StartupFactory akseleratori rahbari Yelena Seleznyova loyiha konsepsiyasining o'zgargani va muvaffaqiyatli faoliyat haqida ma'lumot berib o'tdi. Akselerator IT-soha bilan aloqalarni yo'lga qo'yishni, bozor mutaxassislaridan tavsiya olishni hamda sarmoyadorlarning e'tiborini qozonishni istagan barcha yosh startaperlarni ishlashga taklif qiladi. Bundan tashqari, keng miqyosli PR, uch oylik konsultatsiya va seminarlarni o'tkazish kafolatlanadi. Akseleratorda ishtirok etish bepul.
Pinngle mualliflari tomonidan tuzilgan viktorina-so'rov bu galgi Startup Mix marosimiga yakun yasadi. Ha, aytganday, ushbu viktorina g'olibiga PowerBank sovg'a qilindi.

Startup MIX bilan keyingi yilgacha xayrlashdik!
Made on
Tilda