Keys

Sardor Shaahmedov nega uning "Bumerang"i daromad olib qaytmagani haqida so'zlab berdi

Shahzod Muxtarov
Muxbir
Boomerang.uz kuryerlik xizmati asoschisi Sardor Shaahmedov kompaniyani yaratish va rivojlantirish tajribasi haqida so'zlab berdi.
So'z rasmiy korrespondensiyani yetkazib berish orqali mablag' ishlash, Toshkent akseleratorlari startaperlarga qay tarzda amaliy yordam ko'rsatishi va g'arb investorlari yangi loyihalardan nimalarini kutayotgani to'g'risida boradi.
Ma'lumki, biznes-loyihalarga tegishli g'oyalar o'z-o'zidan, shunchaki paydo bo'lib qolmaydi. Sardor, ayting-chi, sizda qanday qilib kuryerlik xizmatini yaratish fikri tug'ildi?

— Hammasi aslida umuman boshqa g'oyadan boshlangan edi. Biz ofislarga tushliklar yetkazib berish xizmatini yo'lga qo'ymoqchi edik. Biroq mazkur xizmatni sinovdan o'tkazgach, ofisga yaqin o'rta narxli kafe va oshxonalardan-da arzonroq tushliklarni taklif etolmasligimizni anglab yetdik.
Va loyiha yo'nalishini o'zgartirishga qaror qildingiz?

— Ha. Bundan tashqari, tushliklarni ofislarga yetkazib berishda transport xizmatining qimmatligi to'siq bo'lgan edi. Biz yo taksi xizmatidan foydalanishimiz, yoki o'z haydovchilarimizni yollashimiz kerak edi. Aniqlashimizcha, muammo nafaqat tushliklarni yetkazib berish, balki "autsors"da kuryerlik xizmatlarining mavjud emasligi bilan ham aloqador ekan. Shuning uchun men aynan kuryerlik servisiga e'tibor qaratishni ma'qul ko'rdim.

Yetkazib berish jarayoni ham juda keng qamrovli harakatlar zanjiridan iborat bo'lib, har xil turlar va usullarni o'z ichiga olgan edi. Bunga yirik miqdordagi yuklarni tashish, internet-do'konlardan tovarlarni yetkazib berish hamda kuryerlar yordamida bajariladigan hujjatlashtirish ishlarini misol qilishim mumkin. Avvaliga men hujjatlarni tanladim, boisi ularni yetkazib berish uchun murakkab saqlash sharoitlari talab etilmasdi. Bitta odam bir vaqtning o'zida o'nlab, ba'zida esa yuzlab hujjatlarni egalariga yetkazib berishga qodir edi. Bundan tashqari, ushbu jarayonda tezlik katta ahamiyatga ega emas, hujjatlarni, odatda, ikki kun davomida, ba'zan esa hafta ichida yetkazib bersa kifoya qilardi.


Siz yo'q joydan kuryerlik xizmatini ochmagansiz, albatta. Loyihani qanday sinagansiz?

— Xizmat uchun haq to'langan taqdirdagina, unga bo'lgan talabni aniq tekshirish mumkin bo'ladi. Nazarimda, turli so'rovlar va guruhli tadqiqotlar haqiqiy ma'lumotni taqdim etmaydi. Shuning uchun biz akselerator yordamida rejalangan servis uchun shartnomalar tayyorladik, ikki kishi uchun kiyim-forma to'plamini yaratdik va kompaniyalarga o'z xizmatlarimizni taklif qilishni boshladik. Va bir necha kun ichida men to'rtta tashkilot bilan hujjatlarni yetkazib berish xizmati borasida shartnoma tuzishga muvaffaq bo'ldim. Demak, bunday yetkazib berish servisiga talab mavjud edi.

Loyihani ishga tushirish uchun qancha mablag' talab qilingan?

— Loyihani ishga tushirishga sarflangan mablag'ning qiymatini aytish qiyin. Sababi "ishga tushirish" degan so'zning o'zi unchalik aniq emas: bu kompaniyani ro'yxatdan o'tkazishmi, saytni ishga tushirishmi yoki birinchi 3-6 oydagi sarf-xarajatlarmi? Kompaniya ro'yxatdan o'tkazish uchun katta pul talab etilmaydi, biroq bino ijarasi, mebel, texnika, internet, ishchilarning ilk maoshlarini ham unutmaslik kerak. Shuningdek, rasmiy sayt va dasturiy ta'minotni yaratishga, hamda reklamaga sarflanadigan mablag'ni alohida ta'kidlagan bo'lardim.


Savolni o'zgartiraman: operatsion daromadga chiqquncha, loyihaga qancha mablag' talab etildi?

— Bu boshqa gap. Qisqa qilib aytishim mumkinki, bunday loyihalarni 100 mln so'mdan kam mablag' bilan boshlash maqsadga muvofiq emas.
Sardor, loyihaning gullagan vaqtida Boomerang'da nechta xodim ishlar edi?

— Kuryerlarning soni 12 nafargacha yetgan. Bundan tashqari, muntazam ravishda kompaniyadan ketadigan va unga qaytadigan ishchilar ham bor bo'lib, bu ular uchun o'qish va mutaxassislik bo'yicha faoliyat orasida qo'shimcha ish hisoblanar edi. Shu bilan birga, loyihada bir nechta operator, savdo menejerlari va hisobchi ham mehnat qilardi. Ularning orasiga yollanma tartibdagi dasturchi va dizaynerni ham qo'shish mumkin.

Loyihani rivojlantirish jarayonida qanday to'siqlarga duch kelgansiz va ularni qanday yengib o'tgansiz?

— Birinchidan yaxshi kuryerlarni yollash muammosiga duch kelganmiz, yuqorida aytganimday, ko'pchilik uchun kuryerlik – bu o'qish va mutaxassislik ishi orasidagi faoliyat. Shuning uchun muntazam tarzda yangi kuryerlarni izlash ishlari uchun vaqt va resurs sarflashimizga to'g'ri kelar edi. Ba'zida bir kunda 20-30 ta nomzod bilan suhbat o'tkazib, ularning birortasini ham ishga yollamas edik. Yoki ishga olingan kuryerlar birinchi haftadayoq belgilangan vazifani bajara olmas edilar. Biz ishga olish yuzasidan beriladigan e'lonlar, nomzodlarga mo'ljallagan so'rov va test-sinovlari bilan ham ko'p ishlardik. Natijada qisqa muddatga bo'lsa-da, yaxshi kuryerlarni topishga muvaffaq bo'lardik, biz va mijozlarga ularning ishi manzur bo'lardi.

Yaxshi kadrlarning kompaniyada muntazam ishlamasligi – har qanday biznesning eng asosiy muammolaridan biri hisoblanadi. Siz loyihada yana qanday qiyinchiliklarga uchradingiz?

Kuryerlarning kam samaradorligi – loyihaga ajratilgan sarmoyalar hisobiga biz ishchilarga yaxshi haq to'lardik, bu esa chindan-da chaqqon kuryerlarni yollashga zamin yaratardi. Biroq keyinchalik xarajatlarni qisqartirish uchun kuryerlarning maoshini ishga qarab belgilamoqchi bo'lganimizda, ishga olinadigan odamlarning layoqati sezilarli darajada tushib ketdi. Natijada esa quyidagi qopqonli vaziyat yuzaga kelardi: ko'p haq to'lab yaxshi xodimlarga ega bo'lasan, biroq ular ham o'zini oqlamaydi, yoki kam to'lab samarasiz ishchilarni yollaysan, ammo ular ham baribir oxir-oqibatda o'zini oqlamaydi.

Kun va oy davomida buyurtmalarning bir me'yorda taqsimlanmasligi: bunday holat kun yoki oyning birinchi yarmida odatdagidan ko'ra ko'proq buyurtmalar berilganda sodir bo'ladi. Bunaqa holatda buyurtmalarni o'z vaqtida bajarish uchun yetarli miqdorda kuryerlarni ushlab turishga to'g'ri kelar edi. Shubhasiz, bu loyihaning operatsion daromadiga salbiy ta'sir ko'rsatardi. Masalani hujjatlardan tashqari boshqa narsalarni ham (internet-do'kondan mahsulotlar, guldasta va boshqalar) yetkazib berish bilan hal qilishga urinardik. Shuningdek, ba'zi mijozlar bilan jo'natmaning asosiy qismini oyning o'rtasi yoki oxirida yetkazib berishga kelishib olardik. Ammo muammoni oxirigacha bartaraf etishning imkoni bo'lmadi.

Bilishimizcha, joriy yilning kuzida siz loyihani yopgansiz. Ayting-chi, qaysi to'siqlarni kompaniya yengib o'tolmadi? Loyihaning yopilishiga aynan nimalar sabab bo'ldi?

— Loyihani ishga tushirganimizdan buyon bir yil o'tgan bo'lsa-da, loyiha ko'zlangan daromadni keltirmadi. Biz samarasi kam kuryerlar va teng taqsimlanmaydigan buyurtmalar bilan bog'liq muammolarning yechimini topolmadik. Xizmatning tan narxi biz uchun baribir yuqorilicha qolaverardi.

2015-yilda siz Boomerang.uz loyihasi bilan StartupFactory.uz akseleratorida qatnashgan edingiz. Ushbu akseleratorda ishtirok etish sizga qanday yordam berdi?

— Agar akselerator bo'lmaganda, o'z biznesimni o'zim uchun asosiy mashg'ulot sifatida tanlamas edim. Akseleratorda men Toshkent shahridagi bir qator muvaffaqiyatli ishbilarmonlar bilan tanishdim, biznes-modellarni yaratish, sinash va taqdim etish usullarini o'rgandim. Umuman olganda, men StartupFactory.uz akseleratori tashkilotchilaridan minnatdorman va barcha yangi ish boshlayotgan tadbirkorlarga unda qatnashishni maslahat bergan bo'lardim.

Sardor, siz o'z loyihangizni o'zingiz borgan, masalan, AQSh va Koreya davlatlarida taqdim qilganmisiz?

— Men Bumerang loyihasini bir nechta xalqaro tanlov va akseleratorlarga topshirganman va shaxsan Kremniy Vodiysining yirik 2016 GlobalEntrepreneurshipSummit tadbirida ishtirok etganman.

Chet eldagi biznes-uyushmalar sizning loyihangizga qanday qiziqish bildirishgan?

— Ilova orqali kuryerlik xizmatini ko'rsatish g'oyasi yangilik emas. Shuning uchun investorlar bunday loyihalarning qamrovi va mavjud bozoriga ahamiyat beradilar. Bunday mezonda esa bizning loyihamiz Braziliya, Indoneziya va Hindistondan kelgan loyihalar ortida qolib ketardi. Shu bilan birga, investorlar, aksariyat hollarda, yirik sarmoya talab qiladigan hamda ayni paytda katta investitsiya kiritilgan startaplar bilan qiziqishar edi. Sababi bunday holatlar u yoki bu startapning qaysidir mazmunda muvaffaqiyatli ekanini belgilardi.
Bunday tadbirlardan o'zingiz uchun qanday foydali narsalarni bilib oldingiz?

— Kompaniya rivojini tezlashtirish va uning ko'lamini oshirish uchun 100-200 ming dollar sarmoya talab qilib, biz faqat investorlarni o'zimizdan uzoqlashtirardik. Ammo men loyihaga (sinash maqsadida) 5 mln dollar talab etilishini aytgamnimdan keyin, bitta investor bizning loyihaga e'tibor qaratdi. Keyinchlik men diqqatni tortish maqsadida bunday qilganimni tan oldim, lekin investor bilan tanishish va startapni batafsil ta'riflash imkoniyatiga ega bo'ldim. Nima bo'lganda ham, bizning mintaqa, kompaniyaning o'sish sur'atlari hamda qamrovi g'arblik yirik investorlarda qiziqish uyg'otmas edi.
Endilikni nimalarni rejalashtirmoqdasiz? Qaysi sohaga oid loyiha yaratish maqsadidasiz?

— Hozirda men texnik yechimlar va dasturiy mahsulotlar yaratishga imkon beradigan vositalarni o'rganmoqdaman.

Kremniy vodiysida bo'lib qaytgach, men dasturlash jarayoniga boshqacha nigoh bilan qaraydigan bo'ldim. Dasturlash shunchaki muayyan dasturlar yoki saytlar yaratishgina bo'lib qolmay, balki fikrlash va atrofdagi narsalarga boshqacha qarash demakdir. Menimcha, bunday qobiliyat zamonaviy tadbirkor uchun suv va havoday zarur. Chunki u biznes jarayonlarga boshqacha nazar bilan qarash, ularning qaysi turini avtomatlashtirish va optimallashtirishni tushunishga ko'maklashadi. Turgan gapki, bu kabi vositalardan samarali foydalanish uchun bilim va tajriba talab qilinadi. Shu bois men zarur tajribaga ega bo'lish uchun dasturchilar jamoasi bilan chin dildan ishlashni xohlardim. O'z tomonimdan esa boshqaruv tajribasi, chet eldagi aloqalar va mahsulotlarni taqdim qilish ko'nikmasi bilan yordam bergan bo'lardim.
O 'zbekistonlik yosh tadbirkorlar chet elda ham o'zlarini ko'rsatayotganligi, albatta, tahsinga sazovor. Suhbat uchun sizga tashakkur. Kelgusi loyihalarda sizga omad tilab qolaman.

— Rahmat .
Made on
Tilda