Maqola
2017-yilda texnologiyalar taraqqiyotini belgilaydigan 11 ta trend
Kelajakda bizni nima kutayotganini oldindan aniq bilish juda mushkul, biroq joriy texnologiyalar va taraqqiyot asosida bir qator taxminlarni ilgari sursa bo'ladi. 1980-yilda Apple uchun vizual tilni, 2000-yillarda Windows XP va Dell.com dizaynini yaratgan, ayni paytda esa Microsoft, Disney va Intel uchun mobil dasturlar tayyorlaydigan frog kompaniyasi 2017-yilda texnologiyalar yo'nalishini belgilaydigan bir qator trendlarni omma e'tiboriga havola etdi.
Binolar tabiat resurslari bilan ta'minlanadi

Hozirda dunyo bo'ylab juda ko'p yirik kompaniyalar quyosh energiyasida ishlaydigan va qazilma resurslardan foydalanmaydigan ilk ofis binolarini barpo etishmoqda.

Frog strategi Agnes Pirchlaning qayd etishicha, ushbu tendensiya 2017-yilda ham davom etadi. "Tabiatshunos olimlar bevosita tabiatdan ilhomlangan holda mikroorganizmlardan tarkib topgan ashyolar, karbonat kislotani yutadigan sement hamda binolar uchun faqat quyosh va shamol energiyasini ishlatadigan iqlimiy tizimlarni ham ishlab chiqishga ulgurishdi", - deb yozadi u.
Biznesga yo'naltirilgan botlar yanada jadal rivojlanadi

Tosi Mogi, frog strategining aytishicha, barcha botlarni o'zida jamlagan korporativ yozishma uchun chiqarilgan Slack ilovasi singari ishbilarmonlar sun'iy intellekt yordamida logistikaga oid barcha masalalarni hal etishlari mumkin bo'ladi.

"Ishbilarmonlar biznesga mo'ljallangan botlar orqali o'z qarashlarini hayotga tatbiq etishlari mumkin bo'ladi", - deb yozadi Mogi.

U bunga misol tariqasida texnologik skeytbordlarni sotish jarayonini keltiradi. Dasturchi-bot frilanserlardan loyiha dizaynlarini qabul qilishi, marketolog-bot esa onlayn sotuv uchun platformaga o'zgartirish kiritishi mumkin. Bular esa, tabiiyki, tadbirkorga tez va samarali ishlashga yordam beradi.

Har bir supermarketda sintetik taom paydo bo'ladi

Dizayner Andrey Markdalenning fikriga ko'ra, oziq-ovqat savdosi sohasida ikkita yirik o'zgarishlar kuzatiladi.

Birinchidan, o'simlik oqsillari hayvon oqsillariga muqobil va keng tarqalgan mahsulotga aylanadi. Ikkinchidan esa, hayvonlardan ularga ziyon keltirmay olingan to'qimalar asosida laboratoriyada sintetik taomlarni yaratish yo'lga qo'yiladi.

"2017-yilda har bir oziq-ovqat do'konida go'shtga muqobil o'simlik mahsulotlarining qatori kengayadi va ular vegeterianlar uchun chiqarilgan tovarlar ko'lamidan chiqib, avvalgilarga nisbatan yaxshiroq ta'mga ega bo'ladi", - deb yozmoqda dizayner.

Sport musobaqalari va konsertlarda virtual reallikning o'rni kengayadi

2017-yilda virtual reallik sohasi uydagi ko'ngilochar mashg'ulotlarda ommalashishni boshlaydi va odamlarni qimmat narxga turli konsertlarga chipta sotib olish mashaqqatidan xalos etadi. Bunga frog mutaxassislarining ishonchi komil.

Bunday shoularni ko'rmoqchi bo'lgan odamlar uylaridan turib jonli translatsiyaga ulanishlari mumkin bo'ladi. Hozirda NextVR kompaniyasi Live Nation bilan hamkorlikda aynan mana shunday imkoniyatlarni yaratish ustida ish olib bormoqda.

VR-qurilma sotib ololmaydigan foydalanuvchilar uchun savdo markazlarida, transport bekatlari va boshqa jamoat joylarida "virtual reallik nuqtalari" tashkil etiladi.
Binolarga o'rnatiladigan sensorlar turli muammolarni bartaraf etadi

Mehmonxona, savdo markazlari, shifoxonalar kabi barcha binolar turli sensorlar bilan jihozlanadi, deyiladi kompaniya xabarida. Ushbu sensorlar foydalanuvchilar harakati va atrof-muhit haqida istalgan vaqtda, har qanday sharoitda ham, ma'lumot to'plashga xizmat qiladi.

Ayni paytda Vivint singari kompaniyalar shu maqsadda turli qo'riqlash tizimlarini ishlab chiqmoqdalar. Vivint tomonidan yaratilgan aqlli uy texnologiyalari barcha kameralarni termostat va qulflar bilan bitta tarmoqqa birlashtirib, odamlarning xavfsizligiga katta hissa qo'shadi, shu bilan birga, energiyani tejashga ham yordam beradi.

"Binolar endilikda faqat yashash va ishlashga mo'ljallangan joy emas, balki bevosita ushbu jarayonlarda qatnashadigan tizimga aylanadi", deb izoh beriladi xabarda.

Pilotsiz avtomobillar yanada aqlliroq bo'ladi

Frog kompaniyasining kreativ direktori Mett Konueyning qayd etishicha, ayni paytda Tesla va Uber kompaniyalari tomonidan shiddat bilan takomillashtirilib borilayotgan haydovchisiz avtomobillar, yaqin yillarda odamlarni odamlardan saqlashga ko'maklashishi ehtimoldan xoli emas.

Maxsus texnologiya yordamida avtomobillar o'zaro axborot almashishi va yo'l-transport hodisalarining oldini olishi mumkin bo'ladi. "Orqadan kelib uriladigan ulovdan qochib, deylik, svetoforning qizil chirog'ida keskin manyovr qilish, agar odam tomonidan amalga oshirilsa, butkul mantiqsiz ko'rinishi mumkin", - deb yozadi ekspert. "Ammo boshqa avtolar bilan ma'lumot almashgan holda mazkur harakatga pilotsiz avtomobil tomonidan yo'l qo'yilsa, u holda bunday vaziyatni professional tansoqchilar bajaradigan ish bilan tenglashtirish to'g'ri bo'ladi".

Virtual reallik yordamida odamlarni davolash imkoniyati paydo bo'ladi

Davolash maqsadlarida VR-texnologiyalardan foydalanish qismi frog'ning o'tgan yildagi ro'yxatiga ham kiritilgan edi. Biroq bu galgi tahlilda kompaniya mutaxassislari immersiv texnologiyalar orqali hatto aqliy zaiflik bilan aloqador kasalliklarni ham davolash mumkin, deb hisoblamoqdalar.

Tadqiqotlarga ko'ra, bugungi kunda ham VR odamlarga turli fobiya va jarohatdan keyingi stress holatlarini yengishga yordam bermoqda. Dizayner Kayl Vulfning aytishicha, kelgusida virtual reallik orqali hatto miyadagi jismoniy shikastlarni ham davolashning imkoniyati bo'ladi.

"Ushbu sohaning birinchi vakillaridan bo'lgan Mindmaze kompaniyasi hozirda insultni boshdan kechirgan odamlar uchun virtual muhitni ishlab chiqmoqda, shu yo'sinda miya qayta faoliyatga keladi va a'zolarning harakatlanish qobiliyati tiklanadi", - deb yozmoqda Vulf.

Ma'lumotlar bazasi tufayli tibbiyotdagi aniqlik kuchayadi

Har bir bemor aynan uning konkret holatiga mos keladigan o'ziga xos davolanish dasturi bilan ta'minlanishi pretsizion tibbiyotdagi murakkab sohalardan hisoblanadi. Buning uchun bemor va u yashaydigan muhit haqidagi batafsil va aniq ma'lumotlar talb etiladi, aksariyat shifoxonalar esa bunday axborotga ega emas.

Kelajakda barcha tibbiy ma'lumotlar raqamli va umumiylashtirlgan formatda taqdim etiladi va bu omil pretsizion tibbiyot uchun yangi taraqqiyot davrini boshlab beradi, deb hisoblaydi Elison Grin-Shup, frog kompaniyasining strategik direktori. Shifokorlar nafaqat kasallikni davolash, balki uning sabablarini aniqlash uchun joylardagi suvning sifati kabi tahliliy ma'lumotlardan ham foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Tovushlardan butunlay yangicha usulda foydalanamiz

So'nggi yil mobaynida odamlar texnologiyalar bilan, asosan, ma'lumotni ifodalahs uchun tasvir yoki boshqa vizual vositalar mavjud bo'lgan ekranlar orqali muloqot qilib kelishgan. Kreativ direktor Kristin Todorovichning aytishicha, kelajakda tasvirdan ko'ra tovush yanada muhimroq rol o'ynashi kutilmoqda.

iPhone'ga o'rnatilgan ilovadagi tugmalar o'rniga, deylik, oshxona jihozini boshqarishda uchun siz shunchaki kerakli buyruqni aytishingiz kifoya qiladi. Hozirda HereOne singari kompaniyalar odamlarga ovoz bilan bo'gliq hissiyotlarni shaxsiylashtirishga yordam berishmoqda.

"Ko'pchilik ekranlardan charchadi va bizni o'rab turgan dunyoda texnologiyalarning keng tarqalishi vizual kontentdan ko'ra yanada ilg'or interfeyslarning paydo bo'lishiga sabab bo'lmoqda", - deb yozadi Todorovich.

Dronlar insonparvarlik missiyalariga jalb etiladi

Dronlar nafaqat yuqori sifatdagi roliklarni tasvirga olishi mumkin, ularning xizmatidan insonparvarlik missiyalarida ham foydalansa bo'ladi. Dizayner Lilian Tse bu boradagi fikrlarini tasdiqlash uchun dronlar yordamida tibbiy dori-darmonlar yetkazib berilayotgan Ruanda davlatini misol sifatida keltiradi.

"Dron – bu "pilotsiz uchar apparat", - deb yozadi u. "Biroq ushbu apparat boshqa odamlarga yordam berish maqsadida ma'lum odam tomonidan boshqariladi".

Kelgusi yilda ushbu soha yanada ommalashishiga Tsening ishonchi komil.
Mashinaviy o'rganish o'zimizni yaxshiroq bilishga ko'maklashadi

Google tomonidan yaratilgan AlphaGO dasturi qadimiy Xitoy o'yinida odamni mag'lub etganda, sun'iy intellekt texnologiyasining mutaxassislari bundan juda shodlangan edilar. Boisi ushbu holat mashinaviy o'rganish algoritmlari sohasida juda katta olg'a tashlangan qadam bo'ldi.

Ammo frog'ning bosh strategi Rebekka Blumning mulohazasiga ko'ra, AlphaGo nafaqat mazkur o'yinda odamni mag'lub etdi, balki bu dastur odamlarga ushbu o'yinni qay tarzda yanada yaxshiroq o'ynash usullarini ham ko'rsatib berdi. Oddiy qilib aytganda, biz o'zimiz ma'lum narsani o'rganish uchun mashinaviy o'rganish usulidan foydalandik.

Blumning fikricha, mashinalar yordamida biz o'z imkoniyatlarimiz va salohiyatimizni yana ham teranroq anglashimiz mumkin. Matnni yaratishga asoslangan algoritmlar bizni matnga nisbatan bir qadar ijodiy yondashishga undaydi. Yoki olimlar murakkab neyrotarmoqlar yordamida miyaning tuzilishini o'rganishlari mumkin.

O'tgan yili frog ekspertlari virtual reallikning tez ommalashishi hamda maishiy texnika va infratuzilma predmetlariga o'rnatiladigan sensorlarning borgan sari kichrayishini to'g'ri prognoz qilishgan edi.

Manba: rb.ru
Made on
Tilda