Maqola
Stiv Jobs haqida uning o'limidan so'ng ma'lum bo'lgan 7 ta fakt
Apple korporatsiyasining asoschisi Stiv Jobs 2011-yilning 5-oktabr sanasida oshqozon osti bezi saratonidan vafot etgan. Ammo Jobsning hayotiga tegishli yangi tafsilotlar uning o'limidan keyin ham paydo bo'lishda davom etmoqda. SP nashri Jobsning o'limidan so'ng ma'lum bo'lgan yettita faktni tanlab olib, ularni o'quvchilar e'tiboriga havola etdi.
Apple o'zining xususiy "masonlar loja"siga ega bo'lgan

Top-100 guruhi Stiv Jobs boshchiligida har yilda bir marotaba yig'ilib turgan. Kompaniya ichida ushbu guruhni "masonlar loja"si deb atashgan. Ushbu tadbirga yig'ilgan xodimlar Apple kompaniyasining kelajagini muhokama qilishgan. Ushbu yig'ilishlar o'ta sirli ravishda otkazilgan, har bir uchrashuvni shaxsan Jobsning o'zi boshqarib kelgan.

Aynan Top-100 uchrashuvlarida Apple rahbari kompaniyaning yangi mahsulotlarini namoyish qilgan. Masalan, bulardan biri 2001-yilda iPod qurilmasi bo'lgan edi.

Bunday yig'ilishlarda nafaqat kompaniyaning top-menejerlari, balki boshqa xodimlar ham qatnashishlari mumkin bo'lgan. Ishtirokchilarni shaxsan Stiv Jobsning o'zi tanlardi va ularning ro'yxati har yili o'zgarib borardi.

2011-yilda o'tkazilishi kutilgan uchrashuvda Jobs Apple'ning mobil qurilmalar sohasiga diqqatini kuchaytirishini muhokama qilmoqchi bo'lgan, hatto o'sha paytda Jobs personal kompyuterlarning davri tugaganini anglab yetgan edi. Mazkur uchrashuvda iPodTouch modelini o'rnini egallaydigan arzon iPhone yaratilishi haqida gap borishi rejalashtirilgan edi.

Joni Ayv Stiv Jobsning eng yaqin do'sti bo'lgan

Kompaniya bosh dizayneri va Jobs o'rtasidagi do'stlik haqida anchadan beri ma'lum bo'lgan. Biroq LinderaKani qalamiga mansub "Joni Ayv, Apple'ning afsonaviy dizayneri" nomli kitob chiqqanidan keyin ular o'rtasidagi do'stlik borasida yangi tafsilotlar paydo bo'ldi.

2009-yilda Jobs oshqozon osti bezidagi o'simtani olib tashlash bo'yicha jarrohlik amaliyotini boshidan o'tkazadi. Apple asoschisi ko'zini ochgach, faqat ikkita insonni ko'rishni istaydi, bular: uning rafiqasi Loren Pauel Jobs va dizayner Joni Ayv bo'lgan.

Jobs va Ayv o'rtasidagi do'stlik shu qadar mustahkam bo'lganki, hatto 2011-yilda Stiv Jobs Apple rahbarligini tark qilganda, barcha uning o'rnini Ayv egallashini taxmin qilgan edi. Ammo amaliy boshqaruvni Tim Kukka ishonib topshirishadi, Joni Ayv esa dizayn yo'nalishi bo'yicha vitse-prezident lavozimida qoladi.

Jobs Google bilan ish haqini kamaytirish masalasida til biriktirgan

2005-yilda Kremniy vodiysida mutaxassislar bilan bog'liq inqiroz kuzatiladi: ko'plab muhandislar raqobatchilardan taklif olib, ularning kompaniyalariga ishga joylashadilar. Bu esa o'z navbatida ish jarayoniga salbiy ta'sir ko'rsatar edi. O'shanda StivJobs va Google rahbari Erik Shmidt xodimlarning oylik maoshini kamaytirish bo'yicha bir qator choralarni amalga oshirishga kelishib oladilar.
Birincha navbatda ikkala kompaniya bir-biriga xodimlarga beriladigan maosh stavkalarini ma'lum qiladi. Keyinroq esa kelishuv shartlarini buzgan tomonga sanksiya qo'yilishiga rozilik beradilar. Shundan so'ng Google va Apple kelishuviga Kremniy vodiysidagi Adobe va Intel kabi boshqa kompaniyalar ham qo'shiladilar.

Garchi mazkur kelishuvlar hech qanday yozma hujjatda qayd etilmagan bo'lsa-da, AQSh Adliya vazirligining monopoliyaga qarshi kurash qidiruvlari natijasida ushbu til biriktirishlarga doir ma'lumotlar omma e'tiboriga havola etildi.

Natijada Kremniy vodiysidagi kompaniyalarda xizmat qiladigan 100 mingdan ortiq ishchilar Apple, Google, Intel, Intuit, Adobe va Pixar brendlariga qarshi jamoaviy da'vo bilan sudga murojjat etishdi. Ushbu masala mana to'rt yilda buyon ko'rib chiqilmoqda va hali ham o'z nihoyasiga yetmagan.

Jobs elektron kitoblar noshirlari bilan hamkorlikda Amazon monopoliyasiga urush e'lon qilgan

2009-yilda Amazon o'z rider-Kindle qurilmalari tufayli AQShdagi elektron kitoblar bozorining 90 foiziga egalik qilardi. Jobs 2010-yilda iPad taqdimoti arafasida Amazon'ning bu yo'nalishdagi monopoliyasiga barham berish maqsadida beshta elektron kitob noshirlari (Penguin, HarperCollins, Simon&Schuster, Hachette va Macmillan) bilan muzokaralar o'tkazadi.

Apple asoschisi ularning barcha kitoblari iBookStore do'koni uchun eksklyuziv tarzda taqdim qilinishi, narxlar esa 12,99 dollar atrofida belgilanishiga (Amazon bestsellerlarni 9,99 dollarga taklif qilgan) erishib, bu borada barcha noshirlarning roziligini oladi.

2013-yilda narxlarning sun'iy tarzda oshirilishi bo'yicha sud jarayoni boshlanadi. Yuqoridagi noshirlar o'z ayblarini oqlay olmay, iste'molchilarga 164 mln dollar atrofida tovon to'lashga ham urgurdilar. Apple esa ishni qayta ko'rish jarayonida yana yutqazadigan bo'lsa, 400 mln dollar atrofida tovon to'lashga rozilik bergan.
Jobs Sony VAIO noutbuklariga Mac OS dasturini o'rnatmoqchi bo'lgan

Apple asoschisi 2001-yilda VAIO noutbuklariga Mac OS operatsion dasturini o'rnatish yuzasidan muzokaralar olib borgan.

Gavayi orollarida Sony vakillari bilan bo'lib o'tgan rasmiy uchrashuv vaqtida, Jobs Sony rahbari Kunitake Andoni u golf o'ynayotgan so'nggi lunka oldida Mac OS dasturi o'rnatilgan VAIO noutbuki bilan kutib oladi. Boshqa kompaniya mahsulotlariga ushbu operatsion tizimni o'rnatishga qo'yilgan ta'qiqqa qaramay. Jobs Sony qurilmalari uchun istisno qilishga tayyor bo'lgan.

Afsuski, kelishuv noqulay vaqtda bo'lgani sabab muzokaralar natijasiz tugaydi. O'sha vaqtda VAIO noutbuklari juda yaxshi sur'atda sotilayotgan edi, shuning uchun bo'lsa kerak, Sony Apple'ning bunday taklifiga katta qiziqish bildirmagan.

Jobs Bill Geyts maktubini yostig'i ostida saqlagan

Garchi Stiv Jobs ko'p hollarda Microsoft asoschisi Bil Geyts haqida ijobiy fikrlar bildirmagan bo'lsa-da, uning fikrlari Apple rahbari uchun juda qimmatli hisoblanardi.

2011-yilda Bill Geyts Jobsga maktub yo'llab, unda Stiv Jobs o'zi yaratgan kompaniya va mahsulotlar bilan faxrlanishi kerakligini ta'kidlagan.

Jobs o'limidan keyin uning rafiqasi Loren Bill Geytsga uning maktubi Stiv uchun juda qadrli bo'lganini, uni ko'p marotaba qayta-qayta o'qiganini va hatto yostig'i ostida saqlaganini aytib bergan.
Jobs Uorren Baffetdan Apple pullarini nimaga sarflash bo'yicha maslahat so'ragan

2012-yilda sayyoraning eng boy kishilaridan biri bo'lgan Uorren Baffet shunday hikoya qilgan edi: O'limidan bir necha yil oldin Stiv Jobs uning oldiga kelib, Apple hisoblarida yig'ilib qolgan mablag'ni nimaga sarf etish yuzasidan maslahat so'ragan. O'sha paytda Apple aksiyalarining narxi (bir donasiga) 200 dollardan oshgan, firma kapitalizatsiyasi esa kundan-kunga o'sib borar edi.

Baffet Jobsga Apple aksiyalarini sotib olish, dividendlar to'lash va boshqa kompaniyalarni xarid qilish singari bir nechta variantlarni taklif qilgan. Biroq Jobs ushbu takliflarning birortasiga ham quloq osmay, barcha pullarni kompaniya hisobida qoldirishga qaror qilgan.

Manba: vc.ru
Made on
Tilda