TAXI

Taksi chaqirish uchun eng yaxshi ilovani tanlaymiz: InDriver, MyTaxi, Taxi.uz

Timur Abdulin
Sharhlovchi
Televizorlar aqlli, bilakdagi soatlar yurak pulsini o'lchaydigan va deyarli har bitta insonda smartfon mavjud bo'lgan bir davrda, taksi chaqirish singari kundalik ishni mobil ilovalar orqali bajarish g'oyatda oddiy tuyuladi.
Tajribalarga asosan, zarur xizmat raqamini qidirish, qo'ng'iroq qilib operator bilan shartlarni kelishishdan ko'ra, mobil ilova yordamida taksi chaqirish sezilarli darajada qulay ekan.

O'zbekistonda bugungi kunda 40 tadan ortiq rasmiy taksi xizmatlari faoliyat ko'rsatadi, biroq ular ichida faqat sanoqli xizmatlarigina o'zining xususiy mobil ilovasiga egadirlar. Jumladan, mamlakatda tizimga ulangan istalgan taksi xizmatining ulovlarini chaqirishga imkon beradigan yirik ilova-agregatorlari ham yo'q emas. Ko'pchilik yo'lovchilar aynan mana shunday agregat-ilovalardan foydalangani bois bo'lsa kerak, alohida taksi xizmatlarining mobil ilovalari mana bir necha yildan beri yangilanmay kelmoqda.

Futura tahririyati InDriver, MyTaxi, Taxi.uz servislarini sinab ko'rib, ularning har biriga qarashli afzallik va kamchiliklarni aniqladi.

MyTaxi

MyTaxi – bir qator taksoparklar bilan hamkorlik qiladigan servis. Hozirda ushbu tizimda yuzlab avtomobillar ro'yxatga olingan. Mashinalar soni ko'p bo'lgani tufayli buyurtma vaqtida bo'sh haydovchi sizga yaqin manzilda bo'lishining ehtimoli ancha yuqori. Tizimga ulangan har bir avtomobil o'zining joylashuvi haqida ma'lumot taqdim etadi, bu esa yo'lovchiga real vaqt rejimida ilovadagi xarita orqali unga yaqin mashinalarni ko'rish imkoniyatini beradi.

Agar siz ma'lum bir yo'nalish bo'yicha muntazam qatnasangiz, u holda kelgusida parametrlarni takroran to'ldirish mashaqqatidan xalos bo'lish uchun mazkur yo'nalishni "tanlanganlar" menyusiga qo'shishingiz mumkin.

Menga servisda avtomobil klassini tanlash imkoniyati ma'qul bo'ldi. Tanlangan parametr asosida sizga konditsioner, pechka, katta salon va boshqa "plyus"lar singari qo'shimcha imkoniyatlar haqida ma'lumotlar taqdim etiladi.
Narxlar avtomobil klassi va mavjud boshqa shartlarga qarab farqlanadi:

Ekonom-klass – bir km uchun 800 so'm (minimal to'lov 6000 so'mdan iborat bo'lib, unga 5 km masofa kiritilgan). Qo'shimcha masofa 1 km uchun 800 so'm hisobida tariflanadi;

Komfort-klass – bir km uchun 1000 so'm (minimal to'lov 8000 so'mdan iborat bo'lib, unga 5 km masofa kiritilgan). Qo'shimcha masofa 1 km uchun 1000 so'm hisobida tariflanadi;

Bundan tashqari, ilova orqali yana bir qator xizmatlarga ham buyurtma berish imkoniyati ko'zda tutilgan:

"Супермен" – ob-havo sharoiti, joylashuvingiz va boshqa parametrlardan qat'iy nazar servis avtomobil ta'minotini kafolatlaydigan tarif rejasi. 1 km 1000 so'm hisobida tariflanadi (minimal to'lov 10 000 so'mdan iborat bo'lib, unga 5 km masofa kiritilgan);

"Доставка" (Yetkazib berish) – ma'lum tovarlarni adresatning o'ziga yetkazib berishga imkoniyat yaratadigan servis (minimal to'lov 8 000 so'mdan iborat bo'lib, unga 5 km masofa kiritilgan, qolgan qo'shimcha har bir kilometr uchun 1000 so'm to'lov belgilanadi);

"Перегон" (Haydab borish/kelish) – mijozning avtomobilini tajribali haydovchi tomonida haydab borish/kelish xizmati. Bunday xizmat, ayniqsa, yangi mashinani avtosalondan haydab borish yoki turli marosimlardan so'ng sizni o'z ulovingizda olib ketishda katta qulaylik yaratadi.

Ilovada haydovchilarning ishini baholash, safarlaringiz haqidagi barcha ma'lumotlarni arxivlash hamda barcha buyurtmalarni real vaqt rejimida hisoblab borish imkoniyati mavjud. Biroq ilovada avtomobilni belgilangan aniq vaqtga chaqirish funksiyasi ko'zda tutilmagan.

MyTaxi tizimiga ulangan barcha taksi xizmatlari standartlangan tarif rejalari asosida ishlaydilar, bu esa, o'z navbatida haydovchi tomonidan qimmat narxlar belgilanishini bartaraf etadi.

Taxi.uz

Taxi.uz ham bir nechta taksi xizmatlari bilan hamkorlik qiluvchi ilova-agregator hisoblanadi. Ilovada real vaqt rejimida yaqin-atrofda joylashgan avtomobillarni ko'rish mumkin. Shuningdek, ilovada har bitta haydovchining profili mavjud bo'lib, unda soatbay xizmat va masofa bo'yicha belgilangan tariflar, birlamchi masofa kiritilgan minimal to'lov hamda davlat raqami va haydovchi surati aks ettirilgan transport vositasi ta'rifi keltiriladi. Shu yerning o'zida haydovchi haqidagi fikrlar bilan ham tanishish mumkin. Bundan tashqari, profilda haydovchi qaysi usullarda to'lov qabul qilishi (naqd yoki naqd+terminal) haqidagi axborot ham ko'rsatiladi. Ammo barcha haydovchilarning profilida mazkur bo'lim to'ldirilmagani bois, buyurtmadan avval ular bilan bog'lanib, zarur ma'lumotlarni aniqlashga to'g'ri keladi. Bu esa ortiqcha vaqtni talab etishi kunday ravshan.

Avvalgi taksi servisidan farqli o'laroq, Taxi.uz ilovasida avtomobil yuborish uchun aniq vaqtni ko'rsatish imkoniyati bor. Shu bilan birga, salonida bolalar o'rindig'i mavjud bo'lgan mashinani chaqirish mumkin.

Afsuski, ilovada avtomobillarni klasslar bo'yicha darhol saralash funksiyasi mavjud emas, bunday qidiruvni yaqin-atrofdagi barcha haydovchilarning profilini ko'rib chiqish orqali qo'lda bajarish lozim. Shunday bo'lsa-da, ilovaga sozlangan xaritalar ma'lumot va vizual komponentlar avvalgi MyTaxi ilovasiga qaraganda menga bir muncha ko'proq yoqdi.

Tarif rejalari avtomobil turiga qarab quyidagicha taqsimlangan:

700-1000 so'm/km ekonom klassdagi ulovlar uchun (Nexia, Cobalt, Spark);

1200 so'm/km va bundan qimmatroq yanada yuqori klass avtolari uchun (Gentra, Epica va boshqalar).

Haydovchilar bir soat davomida mijozlarga o'rtacha 15 000 so'mdan 21 so'mgacha bo'lgan narx xizmat ko'rsatishlari mumkin.

Servis o'zining to'plagich tizimiga ega bo'lib, unda safarlar soni va masofasi asosida bonuslar yig'ib boriladi. Kelgusida ushbu bonuslardan safar uchun chegirma olish maqsadida foydalanish mumkin. Ro'yxatga olishdan boshlab buyurtmani tasdiqlashgacha bo'lgan ilovadagi deyarli har bir harakat operator tomonidan amalga oshiriladigan qo'ng'iroq bilan kuzatib boriladi.

InDriver

InDriver - bizning mamlakatimiz uchun hali yangi servis, xalqaro miqyosdagi agregator. 2016-yilning bahorida ishga tushirilgan. O'zbekiston ilova ishga tushgan to'rtinchi mamlakat hisoblanadi.

Servisning ishlash xususiyati yuqoridagi ikkita ilovadan keskin farq qiladi. Birinchidan, ma'lum yo'nalish bo'yicha harakatlanish uchun mijozning o'zi haq belgilaydi. Natijada xuddi biz ko'chada taksi tutgan paytda yuz beradigan o'ziga xos savdolashish jarayoni boshlanadi. Biroq bunda narxni kelishish real vaqt rejimida ilovada sodir bo'ladi. Mijoz boriladigan yo'nalish va buning uchun to'laydigan haq miqdorini ko'rsatadi. Agar mijozning mazkur taklifi birorta haydovchini qiziqtirsa, u holda haydovchi buyurtmani qabul qiladi va mijoz turgan joylashuvga yetib keladi. Aks holda haydovchi narxni ko'tarishni so'raydi, haydovchi shartlariga rozi bo'lish yoki bo'lmaslik, albatta, mijozning o'ziga bog'liq.
Safarning qulaylik darajasini boshqa xizmatlarda bo'lgani singari InDriver ilovasining bevosita o'zida ko'rsatish mumkin. Misol uchun, mijoz ilovada kerakli avto markasini ko'rsatish va bolalar o'rindig'ining mavjudligi kabi shartlarni belgilash imkoniyatiga ega. Shahar xaritasida tizimga ulangan haydovchilarning soni ham aks ettiriladi. Belgiga bosgan holda haydovchining rasmini ko'rish, uning tizimdagi reytingi, avto markasi va davlat raqami bilan tanishish mumkin. Shu bilan birga, shu yerning o'zida haydovchi bilan bog'lanish uchun qo'ng'iroqni amalga oshirishsa bo'ladi.

Ilovadan foydalanish qulay, biroq bunda haqiqatga yaqin narxni taklif qilgan maqsadga muvofiq. Misol uchun, men odatda Qatortol ko'chasidagi "Parus" savdo markazidan sobiq MUM tomonga 6000 so'm evaziga boraman. InDriver orqali men haydovchi bilan aynan mana shu narxga kelishib, ko'zlangan manzilga yetib bordim. Qulaylik tomoni shundaki, haydovchi meni uyimdan olib ketdi, bu esa yo'lga chiqish va taksi tutishdan meni xalos etdi. Ertasi kuni tajriba maqsadida narxni 4000 so'm etib belgiladim, yarim soat kutsam hamki, birorta haydovchi ushbu taklifga javob bermadi. Narxni yana 1000 so'mga ko'tardim, haydovchilardan biri men bilan aloqaga chiqdi, biroq u ham narxni yana ming so'zga oshirishni so'radi. Shunday qilib, safar avvalgi narx barobarida amalga oshdi, haydovchi esa uyning oldidan meni olib ketdi. Juda qulay, to'g'rimi, nima deysiz?
Xulosa o'rnida

Foydalanishdagi qulaylik borasida menga barcha ilovalar ma'qul bo'ldi. Agar ularning har bittasiga tegishli afzallik haqida gapiradigan bo'lsam, MyTaxi ilovasida tarif rejalari ancha qulay tarzda bo'limlarga ajratilgan, Taxi.uz'da esa xaritalar dizayni diqqatni tortadi, InDriver ilovasida bo'lsa, shubhasiz, savdolashish imkoniyati hech kimni befarq qoldirmaydi.

Narx borasida barcha servislar deyarli bir xil darajada, ammo o'zingiz belgilagan narx evaziga sizni olib borishga ko'nadigan haydovchini kutishga tayyor bo'lsangiz, u holda InDriver sizga yordam berishi mumkin. Qaysi ilovadan foydalanish, albatta, har kimning o'z shaxsiy xulosasiga bog'liq. Axir, haydovchilarning belgilangan vaqtga yetib kelishi, salohiyati va yo'llardan yaxshi xabardorligi – mazkur servislar ishini baholashdagi eng muhim omillar hisoblanadi.
Made on
Tilda